• Shan. Dek 6th, 2025

“WORLDSKILLS SAMARKAND-2025”V MILLIY ISHCHI KASBLAR CHEMPIONATINING TANTANALI TAQDIRLASH MAROSIMI O‘TKAZILDI

Byadmin

Apr 8, 2025

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Worldskills Uzbekistan” Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqa ushbu yo‘nalishdagi xalqaro musobaqalarda yurtimiz shaʼnini munosib himoya qiladigan iqtidorli ishchi kasb egalarini aniqlash maqsadida tashkil etildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra santexnika texnologiyasi kasbi bo‘yicha g‘oliblik Ishtixon tumani 2-son politexnikumi talabasi Shaxriyor Eliboyevga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Toyloq tumani 2-son politexnikumi talabasi Albosid Ergashev, uchinchi o‘rinni Mirzaobod tumani politexnikumi talabasi Umid Allaqulov qo‘lga kiritdi.

Payvandlash texnologiyasi bo‘yicha Paxtachi tumani 1-son politexnikumi talabasi Javohir Xoliqulov eng mohir kasb egasi deb topildi. Bu yo‘nalishda ikkinchi o‘rin Pastdarg‘om tumani 4-son politexnikumi talabasi Asadbek Abdunabiyevga, uchinchi o‘rin esa Buxoro neft va gaz sanoati kolleji talabasi Javohir Jumayevga nasib etdi.

Elektromontaj ustalari bahsida esa Bulung‘ur tuman 1-son politexnikumi talabasi Saidumar Norqo‘ziyev birinchi o‘ringa munosib deb topildi. Bu kasbda ikkinchi o‘rinni Shirin energetika texnikumi talabasi Temur Ibodullayev, uchinchi o‘rinni Navoiy arxitektura va qurilish texnikumi talabasi Jahongir Toshpo‘latov qo‘lga kiritdi.

Chempionatning tibbiyot va ijtimoiy g‘amxo‘rlik ishi yo‘nalishida birinchi o‘rinni Samarqand shahridagi Turon tibbiyot texnikumi talabasi Muslima Davronova qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Sirdaryo tuman tibbiyot texnikumi talabasi Sevara Akmirzayeva, uchinchi o‘rinni Pop tibbiyot texnikumi talabasi Husnora Rahimova egalladi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Belgilangan nizomga muvofiq, 1, 2, 3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar joriy yilning 23-27 noyabr kunlari Tayvanda tashkil etiladigan “WorldSkills Asia Competition Taipei 2025” xalqaro kasblar chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun musobaqadan oldin o‘zaro bahslashadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro bahs natijalariga ko‘ra birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchi xalqaro musobaqaga yo‘llanma oladi.

By admin

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan